“POYTAXT BANK” AJNING MOBIL ILOVASIDAN FOYDALANISH BOʻYICHA
OMMAVIY OFERTA SHARTNOMASI
Mazkur Ommaviy oferta shartnomasi (bundan buyon matnda “Shartnoma” deb yuritiladi) “Poytaxt Bank” AJ (bundan buyon matnda “Bank” deb yuritiladi) tomonidan jismoniy shaxslarga Bankning mobil ilovasidan foydalanish, masofaviy bank xizmatlaridan foydalanish, Bank tomonidan mobil ilova orqali taqdim etiladigan servislar va funksiyalar doirasida operatsiyalarni amalga oshirish tartibini belgilaydi.
Mazkur Shartnoma Bankning rasmiy veb-saytida, mobil ilovasida hamda boshqa rasmiy axborot kanallarida eʻlon qilingan paytdan boshlab ommaviy oferta hisoblanadi. Mijoz tomonidan mobil ilovada roʻyxatdan oʻtish, identifikatsiya va autentifikatsiya jarayonlaridan oʻtish, shuningdek Bank tomonidan belgilangan aksept harakatini amalga oshirish ushbu Shartnoma shartlariga qoʻshilishni anglatadi.
Mobil ilova orqali taklif etiladigan ayrim bank mahsulotlari va xizmatlari boʻyicha munosabatlar ushbu Shartnomadan tashqari alohida ommaviy ofertalar, mahsulot shartlari, tariflar, qoidalar va individual shartnomalar bilan ham tartibga solinadi. Xususan, jamgʻarma omonatlari va muddatli omonatlar boʻyicha Bank va mijoz oʻrtasida Bankning amaldagi Omonat qoidalariga muvofiq alohida shartnomalar tuziladi.
1. ATAMALAR VA TA’RIFLAR
1.1. Mobil ilova - Bank tomonidan ishlab chiqilgan va (yoki) foydalanishga taqdim etilgan, mobil qurilmalar orqali bank xizmatlaridan masofadan foydalanish imkonini beruvchi dasturiy ta’minot.
1.2. Mijoz - mobil ilovadan foydalanayotgan, Bank tomonidan belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtgan va identifikatsiya qilingan jismoniy shaxs.
1.3. Shaxsiy kabinet - Mijozga mobil ilova doirasida taqdim etilgan, uning ma’lumotlari, mahsulotlari, operatsiyalari va funksiyalaridan foydalanish mumkin boʻlgan himoyalangan interfeys.
1.4. Autentifikatsiya vositalari - login, parol, PIN-kod, bir martalik kod, push-tasdiq, biometrik tasdiqlash va Bank tomonidan joriy etilgan boshqa xavfsizlik vositalari.
1.5. Elektron tasdiq - mobil ilovada harakatni tasdiqlashga qaratilgan, Bank tomonidan tan olinadigan raqamli yoki elektron usul.
1.6. Mahsulot shartlari - muayyan bank mahsuloti yoki xizmati boʻyicha alohida qoʻllaniladigan individual yoki standart shartlar, tariflar, qoidalar va axborot hujjatlari.
1.7. Ruxsatsiz foydalanish - Mijozning roziligisiz yoki vakolatisiz mobil ilova, shaxsiy kabinet, bank kartasi, hisobvaraq yoki autentifikatsiya vositalaridan foydalanish holati.
1.8. Nizoli operatsiya - Mijoz tomonidan notoʻgʻri, ruxsatsiz, qayta takrorlangan yoki boshqa asoslar bilan bahsli deb topilgan operatsiya.
2. SHARTNOMA PREDMETI
2.1. Bank Mijozga mobil ilova orqali Bank tomonidan joriy etilgan funksional imkoniyatlar doirasida quyidagi xizmatlardan foydalanish imkonini taqdim etadi:
2.1.1. bank kartalari, hisobvaraqlar va boshqa mahsulotlar boʻyicha ma’lumotlarni koʻrish;
2.1.2. toʻlovlar, oʻtkazmalar, xizmatlar uchun toʻlovlar va boshqa ruxsat etilgan operatsiyalarni amalga oshirish;
2.1.3. mobil ilovada mavjud bank mahsulotlari va xizmatlariga ulanish yoki ular boʻyicha murojaat yuborish;
2.1.4. bildirishnomalar, xabarnomalar, koʻchirmalar va boshqa axborotni olish;
2.1.5. Bank tomonidan joriy etilgan boshqa raqamli servis va funksiyalardan foydalanish.
2.2. Mobil ilova bank xizmatlaridan foydalanish vositasi hisoblanadi. Mobil ilova orqali rasmiylashtiriladigan alohida bank mahsulotlari va xizmatlari boʻyicha huquq hamda majburiyatlar ushbu Shartnomadan tashqari tegishli mahsulot hujjatlari bilan ham belgilanadi.
3. OFERTANI AKSEPT QILISH VA SHARTNOMANI TUZISH TARTIBI
3.1. Mijoz ushbu Shartnomani mobil ilovada roʻyxatdan oʻtish, tegishli belgi qoʻyish, elektron tasdiq berish yoki Bank tomonidan belgilangan boshqa aksept harakatini amalga oshirish orqali aksept qiladi.
3.2. Shartnoma Mijoz tomonidan aksept amalga oshirilgan paytdan boshlab kuchga kiradi va Mijoz mobil ilovadan foydalangan davr mobaynida amal qiladi, agar ushbu Shartnomada yoki qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa.
3.3. Aksept amalga oshirilishidan oldin Mijozga ushbu Shartnoma matni, Maxfiylik siyosati, zarur hollarda tariflar, mahsulot shartlari va boshqa majburiy axborotlar mobil ilova va (yoki) Bankning rasmiy saytida tanishish uchun taqdim etiladi.
3.4. Bank masofaviy akseptlashda oldindan belgilab qoʻyilgan rozilik belgilari yoki Mijozning faol harakatisiz rozilikni nazarda tutuvchi usullardan foydalanmaydi.
3.5. Bank Mijozga Shartnoma matni bilan toʻliq tanishish imkoniyatini yaratadi. Texnik jihatdan rozilik berish tugmasi faqat qonunchilik va Bankning ichki tartiblariga muvofiq foydalanishga tayyor boʻlganidan soʻng faollashtiriladi.
3.6. Mijoz mobil ilovadan foydalanishda faqat oʻz nomidan va qonuniy maqsadlarda harakat qilayotganini tasdiqlaydi.
4. ROʻYXATDAN OʻTISH, IDENTIFIKATSIYA VA AUTENTIFIKATSIYA
4.1. Mobil ilovadan foydalanish uchun Mijoz Bank tomonidan belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtadi va zarur hollarda identifikatsiya hamda verifikatsiyadan oʻtadi.
4.2. Bank Mijozni identifikatsiya qilish va lozim darajada tekshirish tadbirlarini qonunchilik, Markaziy bankning normativ hujjatlari va Bankning ichki qoidalariga muvofiq amalga oshiradi.
4.3. Zarur hollarda Bank KYC, e-KYC, video-KYC, biometrik tasdiqlash va boshqa qonuniy usullardan foydalanishi mumkin.
4.4. Mijoz Bankka taqdim etgan ma’lumotlarining toʻliqligi, ishonchliligi va dolzarbligi uchun javobgar boʻladi. Ma’lumotlar oʻzgarganda Mijoz Bankni kechiktirmasdan xabardor qilishi shart.
4.5. Taqdim etilgan ma’lumotlar yetarli boʻlmaganda yoki ularning ishonchliligiga shubha tugʻilganda Bank qoʻshimcha hujjatlar, tushuntirishlar va tasdiqlovchi ma’lumotlarni talab qilishga haqli.
5. MOBIL ILOVADAN FOYDALANISH SHARTLARI
5.1. Mijoz mobil ilovadan faqat qonunchilikka zid boʻlmagan maqsadlarda foydalanishi shart.
5.2. Mobil ilova orqali amalga oshiriladigan operatsiyalar Bankning amaldagi texnik reglamenti, tariflari, mahsulot shartlari, toʻlov tizimi qoidalari hamda qonunchilik talablariga muvofiq bajariladi.
5.3. Bank mobil ilovaning ayrim funksiyalari, operatsiyalar turlari, limitlar, vaqtinchalik cheklovlar va texnik talablarni alohida belgilashi va rasmiy kanallar orqali eʻlon qilishi mumkin.
5.4. Mobil ilova orqali ayrim mahsulotlarni faollashtirish yoki ular boʻyicha murojaat yuborish Mijoz bilan tegishli mahsulot shartlari boʻyicha alohida huquqiy munosabatlar yuzaga kelishiga sabab boʻlishi mumkin.
5.5. Jamgʻarma omonatlari va muddatli omonatlar mobil ilova orqali taklif etilgan taqdirda ham, ular boʻyicha munosabatlar Bankning amaldagi Omonat qoidalariga muvofiq tuziladigan alohida shartnomalar asosida rasmiylashtiriladi.
6. BANKNING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI
6.1. Bank quyidagilarga majbur:
6.1.1. Mijozga mobil ilovadan foydalanish imkonini Bankning texnik imkoniyatlari doirasida taqdim etish;
6.1.2. mobil ilova ishlashi, axborot xavfsizligi va ma’lumotlarni himoya qilish boʻyicha zarur tashkiliy hamda texnik choralarni koʻrish;
6.1.3. Mijozga mobil ilovadan foydalanish, tariflar, mahsulot shartlari va ularning oʻzgarishi haqida Bank tomonidan belgilangan tartibda axborot berish;
6.1.4. Mijozning murojaatlari va shikoyatlarini qonunchilik va ichki tartiblarga muvofiq qabul qilish, roʻyxatga olish, koʻrib chiqish hamda natijasi haqida javob berish;
6.1.5. qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda bank siri va shaxsga doir ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlash;
6.1.6. bank kartasi yoʻqolganligi, oʻgʻirlanganligi yoki undan ruxsatsiz foydalanish xavfi haqida 24/7 rejimida kelib tushgan xabarni qabul qilish va bunday xabar olinganidan soʻng darhol bloklash yoki boshqa zarur xavfsizlik choralarini koʻrish.
6.2. Bank quyidagi huquqlarga ega:
6.2.1. mobil ilovaga oʻzgartirishlar kiritish, yangi funksiyalarni joriy etish, ayrim funksiyalarni toʻxtatish yoki cheklash;
6.2.2. xavfsizlik, AML/CFT/CPF, sanksion komplaens, texnik nosozliklar yoki qonunchilik talablaridan kelib chiqib ayrim operatsiyalarni rad etish, cheklash yoki vaqtincha toʻxtatish;
6.2.3. Mijozdan qoʻshimcha ma’lumotlar, hujjatlar va tushuntirishlar talab qilish;
6.2.4. mobil ilovaning eski talqinlaridan foydalanishni cheklash va xavfsizlik nuqtai nazaridan yangi talqinga oʻtishni talab qilish;
6.2.5. xavf darajasidan kelib chiqib sessiyani yakunlash, qoʻshimcha autentifikatsiyani talab qilish, qurilmani qayta bogʻlashni soʻrash, ayrim funksiyalarni vaqtincha muzlatish yoki mobil ilovadan foydalanishni cheklash;
6.2.6. ushbu Shartnoma, mahsulot shartlari yoki qonunchilik talablari buzilgan taqdirda mobil ilovadan foydalanishni cheklash, toʻxtatish yoki tugatish.
7. MIJOZNING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI
7.1. Mijoz quyidagi huquqlarga ega:
7.1.1. mobil ilova orqali taqdim etilgan xizmatlar va mahsulotlar haqida toʻliq hamda tushunarli axborot olish;
7.1.2. oʻz mahsulotlari, operatsiyalari va xizmatlari boʻyicha ma’lumotlar, koʻchirmalar va bildirishnomalarni olish;
7.1.3. Bankning harakatlari yoki harakatsizligi yuzasidan bepul murojaat qilish va shikoyat berish;
7.1.4. mobil ilovadan foydalanishni ushbu Shartnomada belgilangan tartibda toʻxtatish;
7.1.5. ruxsatsiz yoki nizoli operatsiyalar boʻyicha Bankka murojaat qilish va ularni koʻrib chiqishni talab qilish.
7.2. Mijoz quyidagilarga majbur:
7.2.1. mobil ilovadan foydalanishda qonunchilik, ushbu Shartnoma, mahsulot shartlari va Bankning qonuniy koʻrsatmalariga rioya qilish;
7.2.2. autentifikatsiya vositalari, mobil qurilma, SIM-karta va boshqa xavfsizlik elementlarining maxfiyligi va saqlanishini ta’minlash;
7.2.3. mobil qurilmada ekran qulfini, imkon qadar biometrik himoya va boshqa zarur xavfsizlik choralarini yoqilgan holda saqlash;
7.2.4. mobil ilovadan root qilingan, jailbreak qilingan, zararli dasturlar bilan zararlangan yoki himoyasi buzilgan qurilmalarda foydalanmaslik;
7.2.5. mobil ilovaning va mobil qurilma operatsion tizimining yangilanishlarini oʻz vaqtida oʻrnatish;
7.2.6. mobil qurilma, SIM-karta, telefon raqami, parol, kodlar yoki boshqa autentifikatsiya vositalari uchinchi shaxslar qoʻliga oʻtganligi, yoʻqolganligi, dublikat SIM rasmiylashtirilganligi yoki komprometatsiya qilinganligi haqida Bankni darhol xabardor qilish;
7.2.7. mobil ilovada koʻrsatilgan ma’lumotlarni tekshirib borish, xatolik yoki ruxsatsiz operatsiya aniqlanganda darhol murojaat qilish;
7.2.8. Bankka taqdim etilgan ma’lumotlarning ishonchliligini ta’minlash va oʻzgarishlar yuz berganda ularni yangilash;
7.2.9. mobil ilovadan firibgarlik, noqonuniy operatsiyalar yoki uchinchi shaxslar manfaatida yashirin foydalanishga yoʻl qoʻymaslik.
8. AXBOROT XAVFSIZLIGI, BLOKLASH VA RUXSATSIZ FOYDALANISH HOLATLARI
8.1. Mijoz mobil ilovaga kirish uchun foydalanadigan login, parol, bir martalik kod, biometrik tasdiqlash va boshqa autentifikatsiya vositalari maxfiy saqlanishi shart.
8.2. Mijoz bank kartasi, hisobvaraq, shaxsiy kabinet yoki mobil ilovadan ruxsatsiz foydalanish holati, shubhali operatsiya yoxud xavfsizlikka tahdid alomatlari aniqlanganda Bankka zudlik bilan xabar berishi va zarur boʻlsa kartani yoki kirishni bloklashni talab qilishi shart.
8.3. Bank bunday xabarni olganidan soʻng amaldagi tartibda xavfsizlik choralarini koʻradi, shu jumladan kartani darhol bloklashi, mobil ilovadan foydalanishni cheklashi, sessiyani yakunlashi, qayta autentifikatsiyani talab qilishi yoki operatsiyalarni vaqtincha toʻxtatib turishi mumkin.
8.4. Bank Mijozga mobil ilovaning yangi talqinidan foydalanishni tavsiya etishi yoki xavfsizlik maqsadida buni majburiy etib belgilashi mumkin.
8.5. Bank tomonidan eʻlon qilingan 24/7 aloqa markazi, mobil ilovadagi tezkor bloklash funksiyasi va boshqa rasmiy kanallar Bankka ruxsatsiz foydalanish, karta yoʻqolishi yoki oʻgʻirlanishi haqida zudlik bilan xabar berish vositasi hisoblanadi.
9. NIZOLI VA RUXSATSIZ OPERATSIYALAR BOʻYICHA MUROJAATLAR
9.1. Mijoz mobil ilova, bank kartasi yoki hisobvaraq boʻyicha amalga oshirilgan operatsiyani nizoli yoki ruxsatsiz deb hisoblasa, Bankka darhol, kechiktirmasdan murojaat qilishi shart.
9.2. Nizoli operatsiya boʻyicha murojaat Bankning rasmiy aloqa kanallari orqali yuboriladi va unda imkon qadar operatsiya sanasi, summasi, turi, kartaning yoki hisobvaraqning oxirgi raqamlari, shubha sababi va boshqa zarur ma’lumotlar koʻrsatiladi.
9.3. Bank murojaatni roʻyxatga oladi, zarur hollarda qoʻshimcha hujjatlar yoki tushuntirishlar talab qiladi hamda uni qonunchilik, Bankning ichki tartiblari va tegishli toʻlov tizimi qoidalariga muvofiq koʻrib chiqadi.
9.4. Nizoli operatsiyani koʻrib chiqish davrida Bank xavfsizlik maqsadida ayrim operatsiyalarni cheklashi, kartani yoki kirishni vaqtincha bloklashi, qoʻshimcha identifikatsiya oʻtkazishi mumkin.
10. TARIFLAR, TOʻLOVLAR VA MAHSULOT SHARTLARI
10.1. Mobil ilova orqali taqdim etiladigan ayrim xizmatlar va mahsulotlar boʻyicha toʻlovlar Bankning amaldagi tariflariga muvofiq undiriladi.
10.2. Mahsulot yoki xizmat boʻyicha individual toʻlovlar, komissiyalar, foizlar va boshqa shartlar tegishli mahsulot hujjatlarida koʻrsatiladi.
10.3. Tariflar va ularning oʻzgarishlari Bankning rasmiy veb-saytida, mobil ilovasida yoki boshqa rasmiy axborot kanallarida eʻlon qilinadi.
10.4. Bank qonunchilikda ruxsat etilgan hollarda va Mijoz ushbu doirada rozilik bildirgan boʻlsa, tegishli xizmat haqi hamda komissiyalarni Mijozning hisobvaragʻidan undirishi mumkin.
11. SHAXSGA DOIR MA’LUMOTLAR
11.1. Mijozning shaxsga doir ma’lumotlari Bank tomonidan alohida tasdiqlangan Maxfiylik siyosati, qonunchilik va Bankning ichki qoidalariga muvofiq qayta ishlanadi.
11.2. Mobil ilovadan foydalanish uchun zarur boʻlgan shaxsga doir ma’lumotlar, qurilma ma’lumotlari, aloqa ma’lumotlari va boshqa axborotlar mobil ilovaning ishlashi, identifikatsiya, xavfsizlik, murojaatlarni koʻrib chiqish va qonuniy maqsadlar uchun qayta ishlanishi mumkin.
11.3. Marketing xabarlari, reklama va alohida ixtiyoriy servislar boʻyicha ma’lumotlarni qayta ishlash, agar qonunchilikda boshqacha nazarda tutilmagan boʻlsa, Mijozning alohida roziligi asosida amalga oshiriladi.
11.4. Geolokatsiya, biometrik vositalar, kontaktlar yoki mobil qurilmaning boshqa funksiyalaridan foydalanish faqat tegishli funksional xizmat uchun zarur boʻlgan hajmda va Mijozning qurilma darajasidagi ruxsati hamda qonunchilik talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
12. MUROJAATLAR, SHIKOYATLAR VA ALOQA KANALLARI
12.1. Mijoz murojaat, taklif, e’tiroz yoki shikoyatni Bank ofislari, Bankning rasmiy veb-sayti, mobil ilovasi, 24/7 aloqa markazi, elektron pochta manzili va Bank tomonidan eʻlon qilingan boshqa rasmiy aloqa kanallari orqali yuborishi mumkin.
12.2. Murojaatlar bepul qabul qilinadi, Bank tomonidan roʻyxatga olinadi, qonunchilik va ichki tartiblarga muvofiq koʻrib chiqiladi hamda natijasi haqida Mijozga javob beriladi.
12.3. Mijoz bank kartasi yoʻqolganligi, oʻgʻirlanganligi yoki undan ruxsatsiz foydalanish xavfi mavjudligi haqida Bank tomonidan eʻlon qilingan tezkor aloqa kanallari orqali kechiktirmasdan xabar berishi mumkin.
12.4. Zarur hollarda Mijozga Bankning ichki apellyatsiya tartibi, vakolatli davlat organlariga yoki sudga murojaat qilish imkoniyati toʻgʻrisida axborot beriladi.
13. TOMONLARNING JAVOBGARLIGI
13.1. Tomonlar ushbu Shartnoma boʻyicha majburiyatlarni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun qonunchilikka muvofiq javobgar boʻladilar.
13.2. Bank mobil ilovadan foydalanish mumkin emasligiga olib kelgan, Bankga bogʻliq boʻlmagan texnik uzilishlar, aloqa operatorlari, toʻlov tizimlari, uchinchi shaxslar harakatlari yoki vakolatli organlar cheklovlari oqibatlari uchun javobgar boʻlmaydi, bundan Bankning aybi isbotlangan holatlar mustasno.
13.3. Mijoz autentifikatsiya vositalarini uchinchi shaxslarga berish, mobil qurilmani himoya qilmaslik, root yoki jailbreak qilingan qurilmadan foydalanish, SIM-karta xavfsizligini ta’minlamaslik yoki xavfsizlik qoidalariga rioya etmaslik oqibatlaridan kelib chiqadigan salbiy oqibatlar uchun javobgar boʻladi, bundan Bankning aybi isbotlangan holatlar mustasno.
13.4. Bank mobil ilova orqali taklif etilgan uchinchi shaxs servislarining mazmuni yoki sifatiga faqat Bankning tegishli majburiyati mavjud boʻlgan doirada javobgar boʻladi.
13.5. Bank va Mijozning javobgarligi ruxsatsiz yoki nizoli operatsiyalar boʻyicha qonunchilik, tegishli toʻlov tizimi qoidalari, Bankning ichki tartiblari hamda aniq holatning faktik ma’lumotlaridan kelib chiqib belgilanadi.
14. FORS-MAJOR
14.1. Yengib boʻlmaydigan kuch holatlari, shu jumladan tabiiy ofatlar, favqulodda holatlar, urush, ommaviy tartibsizliklar, elektr energiyasi uzilishi, aloqa va toʻlov infratuzilmasidagi uzilishlar, vakolatli organlarning cheklovlari va boshqa shunga oʻxshash holatlar sababli tomonlar majburiyatlarini bajara olmagan taqdirda, bunday holatlar davomida javobgarlikdan ozod etiladi.
14.2. Fors-major holatiga duch kelgan tomon imkon qadar qisqa muddatda bu haqda boshqa tomonni xabardor qilishi lozim.
15. SHARTNOMANING AMAL QILISHI, OʻZGARTIRILISHI VA BEKOR QILINISHI
15.1. Ushbu Shartnoma Bank tomonidan eʻlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi va yangi tahrir qabul qilingunga yoki bekor qilingunga qadar amal qiladi.
15.2. Mijoz tomonidan aksept qilingan tahrir Mijoz bilan munosabatlarda aksept sanasidan boshlab qoʻllaniladi.
15.3. Bank ushbu Shartnomaga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishga haqli. Oʻzgartirishlar rasmiy axborot kanallarida eʻlon qilingan paytdan yoki unda koʻrsatilgan sanadan boshlab kuchga kiradi.
15.4. Mijoz oʻzgartirishlarga rozi boʻlmagan taqdirda mobil ilovadan foydalanishni toʻxtatish va qonunchilik hamda mahsulot shartlarida nazarda tutilgan tartibda tegishli mahsulotlarni yopish yoki bekor qilish huquqiga ega.
15.5. Mijoz mobil ilovadagi shaxsiy kabinetini oʻchirish, Bankka murojaat qilish yoki Bank tomonidan belgilangan boshqa usul orqali mobil ilovadan foydalanishni toʻxtatishi mumkin.
15.6. Mobil ilovadan foydalanishning tugatilishi Mijoz bilan alohida tuzilgan bank mahsulotlari shartnomalarini avtomatik ravishda bekor qilmaydi, agar tegishli hujjatlarda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa.
16. YAKUNIY QOIDALAR
16.1. Ushbu Shartnoma bilan tartibga solinmagan masalalar Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi, Bankning ichki qoidalari va tegishli mahsulot hujjatlariga muvofiq hal etiladi.
16.2. Elektron shaklda yaratilgan va mobil ilova orqali tasdiqlangan hujjatlar qonunchilikda ruxsat etilgan doirada oddiy yozma shakldagi hujjatlarga tenglashtirilishi mumkin.
16.3. Ushbu Shartnoma matni oʻzbek tilida tuzilgan. Zarurat boʻlganda boshqa tillardagi axborot matnlari taqdim etilishi mumkin, biroq talqin qilishda oʻzbek tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
“POYTAXT BANK” AJNING MOBIL ILOVASI VA RAQAMLI SERVISLARI
UCHUN
MAXFIYLIK SIYOSATI VA SHAXSGA DOIR MA’LUMOTLARNI
QAYTA
ISHLASH TARTIBI
Mazkur Maxfiylik siyosati va shaxsga doir ma’lumotlarni qayta ishlash tartibi (bundan buyon matnda “Siyosat” deb yuritiladi) “Poytaxt Bank” AJ (bundan buyon matnda “Bank” deb yuritiladi) tomonidan mobil ilova, rasmiy veb-sayt, raqamli servislar va masofaviy bank xizmatlaridan foydalanuvchi jismoniy shaxslarning shaxsga doir ma’lumotlarini yigʻish, qayta ishlash, saqlash, himoya qilish, uchinchi shaxslarga taqdim etish va yoʻq qilishning umumiy qoidalarini belgilaydi.
Siyosat Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga, shu jumladan shaxsga doir ma’lumotlar, bank siri, elektron hujjatlar va elektron tijorat sohasidagi talablariga muvofiq qoʻllaniladi.
1. ASOSIY TUSHUNCHALAR
1.1. Shaxsga doir ma’lumotlar - muayyan jismoniy shaxsga taalluqli yoki uni identifikatsiya qilish imkonini beruvchi har qanday axborot.
1.2. Qayta ishlash - shaxsga doir ma’lumotlarni yigʻish, yozib olish, tizimlashtirish, saqlash, oʻzgartirish, toʻldirish, foydalanish, uzatish, depersonalizatsiya qilish, bloklash, oʻchirish va yoʻq qilish bilan bogʻliq harakatlar.
1.3. Ma’lumotlar subyekti - shaxsga doir ma’lumotlari qayta ishlanayotgan jismoniy shaxs.
1.4. Uchinchi shaxs - Bank va ma’lumotlar subyektidan boshqa shaxs, agar qonunchilikda boshqacha nazarda tutilmagan boʻlsa.
1.5. Depersonalizatsiya - ma’lumotlardan foydalangan holda aniq shaxsni qoʻshimcha ma’lumotsiz aniqlash imkonini bartaraf etuvchi usul.
2. SIYOSATNING QOʻLLANILISH DOIRASI
2.1. Mazkur Siyosat Bankning mobil ilovasi, rasmiy veb-sayti, masofaviy bank xizmatlari va ular bilan bogʻliq raqamli platformalar orqali yigʻiladigan va qayta ishlanadigan shaxsga doir ma’lumotlarga nisbatan tatbiq etiladi.
2.2. Ushbu Siyosat Bankning bevosita nazoratiga kirmaydigan uchinchi shaxslarning veb-saytlari, platformalari yoki servislariga tatbiq etilmaydi. Mijoz bunday resurslarga oʻtganda ularning oʻz maxfiylik siyosatlari qoʻllanilishi mumkin.
3. BANK TOMONIDAN QAYTA ISHLANISHI MUMKIN BOʻLGAN MA’LUMOTLAR
3.1. Bank quyidagi toifadagi ma’lumotlarni qayta ishlashi mumkin:
3.1.1. identifikatsiya ma’lumotlari: F.I.Sh., JShShIR, pasport yoki ID karta ma’lumotlari, tugʻilgan sana va boshqa identifikatsiya axboroti;
3.1.2. aloqa ma’lumotlari: telefon raqami, elektron pochta manzili, yashash manzili va Bank bilan aloqa uchun taqdim etilgan boshqa ma’lumotlar;
3.1.3. bank mahsulotlari va operatsiyalari boʻyicha ma’lumotlar: bank kartalari, hisobvaraqlar, arizalar, murojaatlar, tranzaksiyalar, bildirishnomalar va xizmatlardan foydalanish tarixi;
3.1.4. qurilma va texnik ma’lumotlar: mobil qurilma turi, operatsion tizim, ilova talqini, qurilma identifikatori, IP-manzil, foydalanish vaqti, nosozliklar jurnali va xavfsizlikka oid texnik ma’lumotlar;
3.1.5. autentifikatsiya va xavfsizlik ma’lumotlari: login, himoyalangan parol atributlari, bir martalik kodlardan foydalanish fakti, biometrik tasdiqlash mavjudligi haqidagi texnik belgilar;
3.1.6. Mijoz tomonidan Bankka yuborilgan murojaatlar, fayllar, ilovalar, tasdiqlovchi hujjatlar va tushuntirishlar;
3.1.7. qonunchilikka va Mijozning ruxsatiga muvofiq boshqa zarur ma’lumotlar.
3.2. Geolokatsiya, kontaktlar, kamera, mikrofon, biometrik vositalar yoki qurilmaning boshqa funksiyalariga kirish faqat tegishli servisni koʻrsatish uchun zarur boʻlgan hollarda va Mijozning alohida ruxsati mavjud boʻlganda amalga oshiriladi.
4. SHAXSGA DOIR MA’LUMOTLARNI QAYTA ISHLASH MAQSADLARI
4.1. Bank shaxsga doir ma’lumotlarni quyidagi maqsadlarda qayta ishlaydi:
4.1.1. Mijozni identifikatsiya qilish, verifikatsiya qilish hamda lozim darajada tekshirish tadbirlarini amalga oshirish;
4.1.2. mobil ilova va masofaviy bank xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini ta’minlash;
4.1.3. bank xizmatlari va mahsulotlarini koʻrsatish, arizalar va murojaatlarni koʻrib chiqish, operatsiyalarni bajarish;
4.1.4. axborot xavfsizligini, fraudga qarshi choralarni, AML/CFT/CPF talablarini va sanksion komplaensni ta’minlash;
4.1.5. Mijozga bildirishnomalar, xizmat xabarlari, ogohlantirishlar va huquqiy ahamiyatga ega axborotlarni yuborish;
4.1.6. Bankning xizmatlari sifatini oshirish, texnik nosozliklarni aniqlash va bartaraf etish, statistik va tahliliy ishlov berish;
4.1.7. qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa maqsadlar uchun.
4.2. Reklama, marketing va shaxsiylashtirilgan tijoriy takliflar yuborish alohida rozilik talab qilinadigan hollarda faqat Mijozning alohida roziligi mavjud boʻlganda amalga oshiriladi.
5. QAYTA ISHLASHNING HUQUQIY ASOSLARI
5.1. Shaxsga doir ma’lumotlarni qayta ishlash quyidagi asoslardan biriga tayangan holda amalga oshiriladi:
5.1.1. Mijozning ushbu Siyosat va tegishli shartnomalar doirasidagi roziligi;
5.1.2. Mijoz bilan tuzilgan shartnomalarni tuzish, bajarish, oʻzgartirish yoki tugatish zarurati;
5.1.3. Bank zimmasiga qonunchilik bilan yuklatilgan majburiyatlarni bajarish zarurati;
5.1.4. Bankning qonuniy manfaatlari, agar bunda ma’lumotlar subyektining huquq va erkinliklari buzilmasa.
6. SHAXSGA DOIR MA’LUMOTLARNI UCHINCHI SHAXSLARGA TAQDIM ETISH
6.1. Bank shaxsga doir ma’lumotlarni uchinchi shaxslarga faqat qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda, Mijozning roziligi mavjud boʻlganda yoki shartnomalarni bajarish uchun zarur boʻlgan eng kam hajmda taqdim etishi mumkin.
6.2. Ma’lumotlar quyidagi toifadagi shaxslarga taqdim etilishi mumkin:
6.2.1. toʻlov tizimlari, protsessing markazlari, banklar va boshqa moliya tashkilotlari - operatsiyalarni amalga oshirish va xavfsizlikni ta’minlash uchun zarur hajmda;
6.2.2. Bankning xizmat koʻrsatuvchi pudratchilari, IT va texnik hamkorlari, aloqa va xabarnoma yuborish servis provayderlari - faqat Bank topshirigʻi va maxfiylik shartlari asosida;
6.2.3. vakolatli davlat organlari - qonunchilikda belgilangan tartibda va hajmda;
6.2.4. Bankning mahsulot yoki xizmatni koʻrsatish boʻyicha hamkorlari - faqat tegishli servisni taqdim etish uchun zarur boʻlgan doirada.
6.3. Bank shaxsga doir ma’lumotlarni uchinchi shaxslarga berishda ma’lumotlarning ortiqcha hajmda oshkor etilishiga yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻradi.
7. COOKIES, TEXNIK VA ANALITIK MA’LUMOTLAR
7.1. Bank mobil ilova va rasmiy veb-sayt ishlashini ta’minlash, sessiyalarni yuritish, xavfsizlikni nazorat qilish, statistik tahlil va xizmat sifatini yaxshilash maqsadida cookies, qurilma identifikatorlari va boshqa texnik vositalardan foydalanishi mumkin.
7.2. Bank faqat zarur boʻlgan texnik va funksional ma’lumotlarni yigʻadi. Analitik va marketing cookies yoki ularga oʻxshash texnologiyalar alohida rozilik talab qilinadigan hollarda qonunchilikka muvofiq qoʻllaniladi.
7.3. Mijoz oʻz qurilmasi va brauzeri sozlamalari orqali ayrim cookies yoki texnik ruxsatlarni boshqarishi mumkin, biroq bu ayrim funksiyalar ishlashiga ta’sir koʻrsatishi mumkin.
8. SHAXSGA DOIR MA’LUMOTLARNI SAQLASH VA HIMOYA QILISH
8.1. Bank shaxsga doir ma’lumotlarni ularni qayta ishlash maqsadlariga erishish uchun zarur boʻlgan muddat davomida, shuningdek qonunchilikda belgilangan muddatlarda saqlaydi.
8.2. Bank shaxsga doir ma’lumotlarni noqonuniy yoki tasodifiy kirish, yoʻqotish, oʻzgartirish, bloklash, nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa noqonuniy harakatlardan himoya qilish uchun zarur tashkiliy va texnik choralarni koʻradi.
8.3. Bank Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsga doir ma’lumotlarini yigʻish, tizimlashtirish va saqlashni qonunchilik talablariga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan tegishli texnik vositalar va axborot resurslaridan foydalangan holda tashkil etadi.
8.4. Bank ma’lumotlarni qayta ishlashda ma’lumotlarni minimallashtirish, maqsadga muvofiqlik va ortiqcha ma’lumotlarni yigʻmaslik tamoyillariga amal qiladi.
8.5. Qayta ishlash maqsadlariga erishilgach yoki ularni saqlash zarurati tugagach, ma’lumotlar qonunchilik va Bankning ichki qoidalariga muvofiq yoʻq qilinadi, bloklanadi yoki depersonalizatsiya qilinadi.
9. MA’LUMOTLAR SUBYEKTINING HUQUQLARI
9.1. Mijoz quyidagi huquqlarga ega:
9.1.1. oʻziga oid shaxsga doir ma’lumotlar qayta ishlanayotgani haqida axborot olish;
9.1.2. oʻz ma’lumotlarini aniqlashtirish, yangilash, toʻldirish yoki notoʻgʻri ma’lumotlarni tuzatishni talab qilish;
9.1.3. qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda ma’lumotlarni bloklash, oʻchirish yoki qayta ishlashni cheklashni talab qilish;
9.1.4. ilgari berilgan rozilikni, agar qayta ishlash aynan rozilikka asoslangan boʻlsa, qonunchilikda ruxsat etilgan tartibda qaytarib olish;
9.1.5. Bankning harakatlari yoki harakatsizligi ustidan vakolatli organlarga yoki sudga murojaat qilish.
9.2. Bank Mijozning murojaatlarini qonunchilikda belgilangan muddat va tartibda koʻrib chiqadi.
10. MA’LUMOTLARNI OʻZGARTIRISH, OʻCHIRISH VA ROZILIKNI QAYTARIB OLISH
10.1. Mijoz shaxsga doir ma’lumotlarini Bank ofislari, mobil ilova, rasmiy veb-sayt yoki Bank tomonidan belgilangan boshqa rasmiy aloqa kanallari orqali yangilashi yoki tuzatishni soʻrashi mumkin.
10.2. Rozilikni qaytarib olish boʻyicha murojaat, agar bunday qayta ishlash rozilikka asoslangan boʻlsa, Bank tomonidan qonunchilik va ichki tartiblarga muvofiq koʻrib chiqiladi.
10.3. Rozilik qaytarib olingan taqdirda, ayrim xizmatlar yoki funksiyalarni koʻrsatish imkonsiz boʻlishi mumkin, agar ular shaxsga doir ma’lumotlarni qayta ishlamasdan koʻrsatilmasa.
10.4. Bank qonunchilik yoki shartnomaviy majburiyatlar talab qilgan taqdirda ayrim ma’lumotlarni ma’lum muddat davomida saqlashni davom ettirishi mumkin.
11. SIYOSATGA OʻZGARTIRISHLAR KIRITISH
11.1. Bank mazkur Siyosatga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishga haqli.
11.2. Yangi tahrir Bankning rasmiy veb-sayti, mobil ilovasi yoki boshqa rasmiy axborot kanallarida eʻlon qilingan paytdan yoki unda koʻrsatilgan sanadan boshlab kuchga kiradi.
11.3. Agar qonunchilik yoki oʻzgartirishlarning mazmuni alohida rozilikni talab qilsa, Bank Mijozdan tegishli qoʻshimcha rozilikni olish choralarini koʻradi.
12. MULOQOT VA YAKUNIY QOIDALAR
12.1. Mijoz shaxsga doir ma’lumotlarini qayta ishlash boʻyicha savollar, murojaatlar yoki e’tirozlarni Bankning rasmiy aloqa kanallari, shu jumladan rasmiy veb-sayt, mobil ilova, aloqa markazi, elektron pochta va Bank ofislari orqali yuborishi mumkin.
12.2. Mazkur Siyosat bilan tartibga solinmagan masalalar Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq hal etiladi.
12.3. Mazkur Siyosat mobil ilova, rasmiy veb-sayt va boshqa Bank servislarida eʻlon qilinadi hamda Mijoz uchun tanishish imkoniyati yaratiladi.